Lorem ipsum dolor sit amet, consectetur adipiscing elit,
Aholi tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblar:
— Biz bergan ma’lumotlar soliqqa tortilmaydimi? Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yer maydoni va chorva mollari sonini ko‘rsatdik. Keyin uyimizga soliqchi kelmaydimi?
— Yo‘q, aslo bunday holat yuzaga kelmaydi. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida berilgan barcha ma’lumotlar qonunga asosan maxfiy saqlanadi hamda soliqqa tortish yoki tekshiruv o‘tkazish uchun ishlatilmaydi. Savolnomada ko‘rsatilgan javoblar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi.
Ro‘yxatga olishda to‘plangan ma’lumotlar faqat umumiy statistik tahlil uchun xizmat qiladi. Ya’ni, qancha yer bor, qancha chorva mavjud — bular alohida shaxs yoki xonadon kesimida emas, umumlashgan holda e’lon qilinadi.
Shu bois, savolnomani xavotirsiz va to‘liq to‘ldirishingiz mumkin.
— Savolnomada birinchi shaxs deganda kim nazarda tutiladi?
— Birinchi shaxs bu — ma’lumotlarni to‘ldiruvchi shaxs hisoblanadi. Savolnomada ma’lumotlari to‘ldiriladigan keyingi oila a’zolari birinchi shaxsga nisbatan qarindoshlik darajasi belgilanib, kiritiladi.
— So‘rovnomani xatolik bilan to‘ldirgan bo‘lsam, qaytadan kiritishim mumkinmi?
— Ha. Agar ma’lumotlar xatolik bilan kiritilgan bo‘lsa, 31-yanvarga qadar qaytadan onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud. Natijalarni qayta ishlash jarayonida tizim sizning to‘liq to‘ldirilgan shaklingizni tanlab oladi.
— Men hozirda boshqa tumanda istiqomat qilaman, doimiy propiskam esa boshqa hududda. Savolnomada qaysi joyni kiritishim kerak?
— Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fuqaro aynan hozirgi vaqtda, ya’ni ro‘yxatga olish davrida yashab turgan joyini ko‘rsatishi lozim.
— So‘rovnomadagi “respondent” so‘zi nimani anglatadi?
— Respondent — ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, doimiy yashash joyi O‘zbekistonda bo‘lib, ro‘yxatga olish sanasida mamlakat hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
— Login va parol so‘ralyapti. Uni qayerdan olishim mumkin?
— Login va parol OneID tizimiga kirish jarayonida talab etiladi. Agar akkauntingiz mavjud bo‘lsa, avval o‘rnatilgan login va parolni kiriting. Agar unutgan bo‘lsangiz, JShShIR orqali tiklashingiz mumkin. Ilgari tizimdan foydalanmagan bo‘lsangiz, pasport ma’lumotlari asosida yangi akkaunt ochishingiz lozim. Bu bo‘yicha bizning rasmiy @census_2026 Telegram kanalimizda videoqo‘llanma e’lon qilingan.
Qolaversa, Mobile ID yoki elektron raqamli imzo orqali ham ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin.
— Chet eldagi oila a’zolarimizni ham ro‘yxatga kiritamizmi?
— Ha, hozirda ma’lum sabablarga ko‘ra xorijda vaqtincha bo‘lib turgan oila a’zolaringizni ham ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin. Shuningdek, ular o‘zlari boshqa davlatda bo‘lib turgan holatda ham census.stat.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
— Qancha harakat qilsam ham census saytida “xatolik yuz berdi” deb chiqyapti. Nima qilsam bo‘ladi?
— Bu holat, asosan, sayt Telegram’ning ichki brauzeri orqali ochilganda kuzatilmoqda. Muammoni bartaraf etish uchun census.stat.uz saytini telefonda alohida internet brauzer orqali ochishingiz tavsiya etiladi.
1
2
Izoh qoldirish
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring